KO‘CHMAS MULKKA BO‘LGAN HUQUQLARNI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISH TARTIBI QONUN BILAN BELGILANDI
KO‘CHMAS MULKKA BO‘LGAN HUQUQLARNI DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISH TARTIBI QONUN BILAN BELGILANDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 28 noyabr kuni imzolangan «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga, shu jumladan qurilishi tugallanmagan ob’yektlarga, ko‘p yillik dov-daraxtlarga, mulkiy majmua sifatidagi korxonalarga bo‘lgan mulkiy huquqlarining kafolatlari belgilandi.
Mazkur Qonun jamoatchilik muhokamasidan so‘ng, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 21 iyun kuni qabul qilingan va Oliy Majlisning Senati tomonidan 2022 yil 7 oktyabr kuni ma’qullangan.
Ushbu Qonun asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organ sifatida, ushbu Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi esa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ sifatida belgilandi.
Shuningdek, mazkur Qonunda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va cheklovlar ham belgilandiki, unga ko‘ra mulk huquqi, doimiy egalik qilish huquqi, doimiy foydalanish huquqi, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi, ijara huquqi, ikkilamchi ijara huquqi, xo‘jalik yuritish huquqi, operativ boshqarish huquqi, ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi, bepul foydalanish huquqi, renta, ipoteka, servitut huquqlari hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan qonundan kelib chiqadigan yoki vakolatli davlat organlari tomonidan qo‘yilgan (belgilangan) cheklovlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim:
Ushbu Qonun bilan ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildini shakllantirish uchun yer uchastkalarining belgilanganligi (realizasiya qilinganligi), binoning, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi, belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan ob’yektning mavjudligi, ️ko‘chmas mulkning bo‘linganligi, ko‘chmas mulkning birlashtirilganligi asos bo‘lishi hamda davlat reyestri ko‘chmas mulk, unga bo‘lgan huquqlar, shuningdek huquq egalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning elektron bazasi tarzdagi tizimlashtirilgan ma’lumotlar to‘plamidan iborat ekanligi ham belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur Qonun bilan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni sudgacha hal etish tartibi ham belgilandikik, unga ko‘ra mazkur nizolarni sudgacha hal etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ rahbarining buyrug‘iga muvofiq besh kishidan kam bo‘lmagan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ hududiy boshqarmasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish vazirligining, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalarining hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining mas’ul xodimlaridan iborat tarkibda Komissiya tuziladi.
Mazkur komissiya murojaatni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni bekor qilish haqidagi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishni bekor qilish va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish o‘z kuchida qoldirilishi haqidagi, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish o‘z kuchida qoldirilishi haqidagi qarorlardan birini qabul qiladi.
Ushbu Qonunning yakunlovchi qoidalarida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi ham alohida belgilandi.
Mazkur Qonun matbuotda 2022 yilning 28 noyabr kuni rasmiy e’lon qilingan bo‘lib, ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Z.E.Mavlonov