Shavkat Mirziyoevning joriy haftadagi rejalari maʼlum qilindi
Shavkat Mirziyoevning joriy haftadagi rejalari maʼlum qilindi
Prezident matbuot kotibi tomonidan oʼtkazilgan brifingda davlat rahbarining bu hafta uchun rejalashtirgan tadbirlari haqida axborot berildi.
Prezident Matbuot kotibi Sherzod Аsadovning maʼlum qilishicha, bugun Toshkent shahrida amalga oshiriladigan yangi loyihalar taqdimoti boʼlib oʼtadi. Ertaga, 27 iyul kuni esa davlat rahbari kon-metallurgiya sanoati rivoji bilan tanishadi.
Shuningdek, hafta mobaynida ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish yuzasidan yigʼilish, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʼsish surʼatlarini taʼminlash boʼyicha videoselektor oʼtkazilishi moʼljallangan.
Brifingda Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti avgust oyining boshiga rejalashtirilayotgani aytildi. Sherzod Аsadov tadbirkorlarni takliflar berishga, jurnalistlarni ushbu jarayonni yoritishda faol ishtirok etishga chorlamoqda. Eslatib oʼtamiz, tadbirkorlarning takliflari 31 iyulgacha qabul qilinadi.