Kredit nizolarida kafillikning ahamiyati
Kredit nizolarida kafillikning ahamiyati
Oxirgi yillarda kredit bozorining erkinlashuvi jismoniy shaxslar uchun ham o‘z faoliyatini moliyalashtirishning keng imkoniyatlarini yaratdi. Odamlar avtomobil, uy-joy yoki shunchaki iste’mol uchun kredit olishga kirishdi. Bu albatta ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvollarini yaxshilamoqda, ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq jismoniy shaxslarning qarz yuki ham oshib bormoqda.
Shuningdek, bu kreditga oid fuqarolik nizolari ko‘payishiga olib kelmoqda va sud amaliyotida ham o‘z aksini topmoqda. Shunday qilib, bugungi kunda kredit undirish bilan bog‘liq nizolar eng ko‘p ko‘rilgan fuqarolik ish turiga aylanib ulgurgan.
Kredit doim maqsadli va haq evaziga bo‘ladi, ko‘pchilik holatlarda u aniq bir ta’minot chorasi bilan mustahkamlanishi talab etiladi. Masalan, mol-mulk garovi yoki kafillik kabi ta’minot usullari keng qo‘llaniladi. Uncha katta bo‘lmagan kreditlar olishda kafillik kredit majburiyatlari bajarilishi uchun asosiy ta’minot shakli bo‘lib qolmoqda. Odatda kafil bo‘lish uchun yetarli ish haqiga ega bo‘lish, voyaga yetgan va muomalaga layoqatli bo‘lish talab qilinadi.
Ahamiyatli jihati, kreditlarni vaqtida to‘lamaslik holatlarida qarzni to‘lash majburiyati qarzdorninggina emas, balki kafillar zimmasiga ham tushmoqda. Yoki qarzdorning kredit olishi uchun garovga mol-mulkini qo‘yib bergan boshqa shaxslar mol-mulkidan ajrab qolmoqda. Ko‘pchilik kafillar sudda kafillikning mazmunini tushunmaganini, kafillik bu shunchaki rasmiyatchilik, shartnomaga imzo qo‘yib berish yetarli deb o‘ylaganini, kredit bo‘yicha qarzni to‘lashi lozimligini tasavvur qilmaganini bildiradi. Shuningdek, ular qarzdor o‘z qarzini vaqtida to‘laydi, deb ishonishganini ham e’tirof etadi. Agar sizdan ham tanish-bilishlar, qarindosh-urug‘lar kredit uchun kafil bo‘lishni so‘rasalar, bunday kafil bo‘lishga shoshilmaslik.
Garchi kafil qarzdor tomonidan olingan kredit pul mablag‘lariga hech qanday huquqi bo‘lmasa ham, bank oldida ushbu kredit uchun qarzdor bilan teng javobgar bo‘ladi. Masalan, agar qarzdor kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lay olmasa, kafil kredit bo‘yicha barcha qarzni (kredit summasi, foizlar va hk.) to‘lashi kerak bo‘ladi.
Kafillikning asosiy funksiyasi ehtimoliy yo‘qotishlar ro‘y berganda kreditorning huquq va manfaatlarini qoplash vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Fuqarolik kodeksining 292-moddasi birinchi qismida kafillik shartnomasi bo‘yicha kafil boshqa shaxs (qarzdor) o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga olishi belgilangan. Shuningdek, FKning 293-moddasi ikkinchi qismida, basharti kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, deb qayd qilingan.
Ko‘pchilik o‘ylaydiki, bank avval qarzdordan kredit qarzdorligini talab qiladi, u to‘lay olmasagina kafildan talab qiladi. Lekin doim ham unday emas. Kafillikda kafilning javobgarligi subsidiar yoki solidar tarzda belgilanishi mumkin (shartnomada belgilanadi). Ya’ni, subsidiar javobgarlik belgilanganda bank avval qarzdordan qarzni undirish choralarini ko‘rishi, imkoni bo‘lmagandagina kafildan qarzni to‘lashni talab qilishi mumkin. Solidar javobgarlik belgilan taqdirda (bu eng ko‘p qo‘llaniladigan holat) bank birdaniga qarzdor va kafildan qarzni to‘lashni talab qiladi (sud tartibida). Ko‘rinib turganidek banklar o‘zi uchun qulay shaklni tanlaydi, deyarli doim kafilga solidar javobgarlik belgilovchi shartlarni belgilaydi. Ya’ni, qarzdor vaqtida qarzini to‘lamasa, bank kafildan ham qarzni to‘lashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Har qanday holatda ham kafil butun mol-mulki bilan kredit qarzi bo‘yicha to‘liq javobgar bo‘ladi.
Ko‘pchilik holatlarda banklar qulayroq undirish mexanizmini qo‘llashadi, kafilning bank kartasi (hisob raqami)dan kredit qarzini darhol undirib olishga kelishib olishadi. Bunda kredit to‘lovi vaqtida qarzdor qarzini to‘lmagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafilning hisob-raqamidan qarz yechib olinadi.
Ko‘pchilik o‘ylaydiki, kreditga kafillik shartnomasini tuzgach, keyinroq undan voz kechish mumkin va oson. Lekin aslida bunday emas. Kafillik qarzdor majburiyatlari bo‘yicha kafilda ham majburiyat vujudga keltiradi. Qonunchilikka ko‘ra shartnomani bir tomonlama bekor qilish, ya’ni kafillikdan bir tomonlama voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, kafil shartnoma tuzganidan keyin ishidan ayrilsa, kasal bo‘lib qolsa, qarzdor (kredit olgan tanishi) bilan janjallashib qolsa ham kafillik o‘z kuchida qolaveradi. Kafillik shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun bank bilan kelishish kerak bo‘ladi, bank esa hech qachon o‘z ta’minoti zarariga harakat qilmaydi. Kafillik qachonki kredit qarzi to‘liq to‘langanda, qarz majburiyati boshqa shaxsga o‘tkazilganda yoki kafillik muddati o‘tib bo‘lgandan keyin tugaydi. Yana bir yo‘li kafilni almashtirishni so‘rab bankka murojaat qilish, agar tomonlar kelishsa kafilni boshqa shunday shaxsga almashtirish mumkin.
Albatta, bankdan kredit qarzdorligi kafildan undirilsa, ayni to‘langan summani qarzdorning o‘zidan talab qilish mumkin bo‘ladi. Masalan, siz do‘stingizning kreditiga kafil bo‘ldingiz, bank qarzni sizning hisob-raqamingizdan yechib oldi yoki sud tartibida sizdan kredit qarzini undirib oldi (qarzdor to‘lay olmagani uchun). Endi siz o‘zingiz to‘lagan pullarni qarzdordan talab qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Z.E.Mavlonov