Gender tenglik: Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar ta’minlanish asoslari

Gender tenglik: Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar ta’minlanish asoslari

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020 yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida nutq so‘zladi. O‘zbekiston Prezidenti ushbu chiqishining tarixiy ahamiyati shundan iboratki, BMT tarixida ilk marotaba mustaqil O‘zbekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizasiya qilishning ustuvor yo‘nalishlari, xususan gender tenglik masalasi haqida alohida fikr yuritdi.
Haqiqatan ham mamlakatimizda xotin-qizlarning o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishlari uchun barcha shart-sharoitlarni ta’minlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Bugungi kunda dunyo hamjamiyati xotin-qizlarning insoniyat taraqqiyotida o‘rnini to‘g‘ri anglagan holda xalqaro mexanizmlarni yaratishga ham harakat qilmoqda. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabr kuni “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyaning qabul qilingani fikrimizning dalilidir.
Xususan, mamlakatimizda ham gender tenglikni ta’minlashga oid xalqaro-huquqiy hujjatlarni milliy qonunchilikka uyg‘unlashtirish orqali mustahkam huquqiy asoslar yaratilayotganligi, xotin-qizlarning erkaklar bilan bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lishining, onalik va bolalik bilan bog‘liq davlat siyosati yuritilayotganligi, xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi mavqeini kuchaytirish, siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish bilan bog‘liq olib borilayotgan ishlar ham alohida e’tiborga loyiq.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida ayollar huquqlarini ta’minlash va kamsitishning har qanday shakliga barham berish bo‘yicha milliy qonunchilikda xalqaro standartlarni uyg‘unlashtirish bilan shug‘ullanuvchi yangi Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tashkil qilindi.
O‘zbekiston xotin-qizlar masalalariga oid xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarishga harakat qilmoqda. Davlatimiz tomonidan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyaning a’zosi sifatida milliy qonunchilikka uning normalarini uyg‘unlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimizda bu borada muhim qadamlar qo‘yildi. 2019 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda ayollarni jinsi bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishni taqiqlanishiga alohida urg‘u berilgan. Mazkur qonun davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi. Ushbu qonunning maqsadi xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida hamda boshqa joylarda tazyiqlar va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga qaratilgan. Ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, tazyiqlar va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarni huquqiy hamda ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini ta’minlash ham qonunning muhim maqsadlaridan biri hisoblanadi.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda esa oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish, ularga boshpanalar ajratish, ishonch telefonlari va nafaqat jismoniy zo‘ravonlik, balki psixologik yoki iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha majburiy javobgarlikka tortish orqali ayollarni himoya qilish uchun asosdir. Bunday choralar, xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha idoralari tomonidan uzoq vaqt davomida tavsiya qilib kelingan edi.

Faqatgina 2019 yilda joylarda 197 ta Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazi tashkil etildi. Bundan tashqari, mehnatga oid huquqlarning kafolatlari va qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, uydagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi va Xotin-qizlar tadbirkorligi markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 1454 nafar xotin-qizning uy-joy uchun boshlang‘ich badali Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan to‘lab berildi hamda ushbu maqsadlarga 25 mlrd. 194 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, bunday toifadagi 13 mingdan ziyod ayollarning ishga joylashtirilishi ta’minlandi.
Bandlik dasturiga muvofiq 250 mingdan ortiq xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Siyosiy va huquqiy bilimli, innovasion g‘oyalarga va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan xotin-qizlardan iborat 6 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda gender tenglikka erishishda xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yanada kuchaytirish, shu orqali oilani mustahkamlash, yuqori intellektual darajadagi yosh avlodni voyaga yetkazish, jamiyat barqarorligini ta’minlashning garovi hisoblanadi.

 

Surxondaryo viloyat sudi sudyasi Z.E.Mavlonov