Surxondaryoda Ramazon hayiti katta shodu xurramlik bilan boshlandi
Surxondaryoda Ramazon hayiti katta shodu xurramlik bilan boshlandi
Muborak Ramazon hayitining birinchi kuni Surxondaryo viloyatida shodu xurramlik va shukronalik kayfiyatida boshlandi. Erta tongda viloyatdagi 124 ta jome masjidlarida hayit namozi o‘qildi. Unda 188 mingdan ortiq namozxon saodatli kun ibodatini ado etdi.
Termiz shahridagi Hakim Termiziy nomidagi jome masjidi ham erta tongdan yurtdoshlarimiz bilan gavjum bo‘ldi.
Hayit namozi ma’ruzasida ma’naviy qadriyatlarimiz yuksalishi yo‘lida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, bugungi farovon hayotimiz mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi. Insonlarga mehr ko‘rsatish hamda yaxshilik qilish savobi haqida aytildi.
Ramazon hayiti namozida yurtdoshlarimiz shu kunlarga yetkazganiga shukrona aytib, elimizga tinchlik-xotirjamlik, omonlik, qut-baraka tilab duolar qildi.
Ramazon hayiti amallarini ado etgan vohadoshlarimiz bir-birlarini bayram bilan qutlashgach, yaqinlarini yo‘qlashga, bemorlar va muhtojlar holidan xabar olishga, ularga hadyalar ulashish, xayru saxovat kabi ezgu amallar bajarishga oshiqdilar.