Viloyat hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahrida og‘ir turmush sharoitlarida yashayotgan oilalar xonadonida bo‘ldi
Viloyat hokimi To‘ra Bobolov Termiz shahrida og‘ir turmush sharoitlarida yashayotgan oilalar xonadonida bo‘ldi
Viloyat hokimi To‘ra Bobolov viloyat Xalq qabulxonasi rahbari, Termiz shahar hokimi va boshqa mas’ullar bilan shaharda og‘ir turmush sharoitlarida yashayotgan oilalar xonadonlarida bo‘lib, ularning muammolarini o‘rgandi.
Birinchi manzil Termiz shahri “Ma’rifat” mahallasida 28 metr kvadrat maydonda 11 kishi yashayotgan Toxir Jo‘raqulovning xonadoni bo‘ldi. Xonadonga tashrif chog‘ida viloyat rahbaridan oilaning kelini D.Narziyeva qizi Shukronani ko‘zida jarrohlik amaliyoti o‘tkazishda moddiy yordam so‘radi. Viloyat hokimi Shukronaning ko‘zini davolatish uchun 27 mln so‘m mablag‘ shartnoma asosida to‘lab berilishini ma’lum qildi va davolanishga borib-kelish xarajatlari hamda qo‘shimcha dori-darmon olish uchun zarur bo‘lgan mablag‘ bugunning o‘zida fuqaro D.Narziyevaga to‘lab berildi.
Bundan tashqari T.Jo‘raqulovning o‘zini va o‘g‘li J.Jo‘raqulovni ishga joylashtirish hamda qizi, yolg‘iz ona M.Jo‘raqulovani ishga joylashtirish, arzonlashtirilgan uy-joydan olish uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilishi masalasi ham hal etilishi belgilandi.
Termiz shahri “Mehrobod” mahallasida 6 sotixli maydonda 7 ta oila, 22 jon bo‘lib yashayotgan Qurbonoy Shaymuratova xonadoniga tashrif buyurildi. Q.Shaymuratova bundan avval hokimlik ko‘magida ishga joylashtirilgan bo‘lib, endilikda bir joyda 7 oila siqilib yashayotganligini bildirdi va viloyat hokimidan amaliy yordam so‘radi. Ushbu xonadonda yashovchi oilalarga uy-joy qurish uchun auksion orqali yer maydoni olishda yordam berish hamda qurilish materiallari bilan ta’minlash masalasida shahar hokimiga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Keyingi manzilda yashovchi Qizmanoy Rahmonnazarova 33 yillik pedogog. Bugun u singlisi va ukalari bilan 6 oila, 24 jon bo‘lib bir hovlida yashab kelishmoqda. Viloyat hokimi bilan suhbatda fuqaro singlisi R.Raxmonnazarova va ukasi R.Raxmonnazarovning yuragidagi xastalikni davolatishda yordam so‘rab murojaat qildi. Viloyat hokimining topshirig‘i bilan bugunning o‘zida ikkala bemor ham shifokorlar nazoratiga olindi va davolanishlari uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilandi. Viloyat hokimi ularning davolanish xarajatlari davlat tomonidan to‘lab berilishini ma’lum qildi. Shuningdek, oila kelini R.Sharipovaga o‘zini o‘zi band qilishi uchun tikuv dastgohi va oila uchun oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Bundan tashqari Q.Raxmonnazarovaning marxum ukasining turmush o‘rtog‘i, yolg‘iz ona, 3 farzandning onasi bo‘lgan M.Akramovaga uy-joy olishi uchun “Ayollar daftari” jamg‘armasidan boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilishi ma’lum qilindi.
Oxirgi manzil o‘z yashash uyida 1935 yil va 1947 yilda tug‘ilgan ikki nafar qariyani parvarish qilib hamda nogironligi bo‘lgan bir nechta fuqaroga qarab kelayotgan Gurbanbeka Yazxanovaning xonadoni bo‘ldi. Viloyat hokimi bu oilaning muammolarini o‘rganar ekan, fuqaro G.Yazxanovaga ushbu ikki qariyani o‘z uyiga ijaraga qo‘yib, parvarishlab kelayotganligi uchun minnatdorchilik birldirdi hamda ularning ijara pullari to‘lab berilishini, ikki qariya ijtimoiy uylarga joylashtirilishini ma’lum qildi. Oilaga oziq-ovqat mahsulotlari, qariyalar uchun kiyim-kechaklar mas’ullar tomonidan bugunning o‘zida yetkazib berildi.
Shuningdek, G.Yazxanovaga nogironligi bo‘lgan fuqaroga qarab kelayotganligi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan 5 oylik ish haqqisi shu joyning o‘zida to‘lab berildi.
Albatta, eng birinchi navbatda insoniylik jihatdan ham ushbu oilalar holidan xabar olgan viloyat hokimi mas’ullarga joylarda shunday sharoitlarda yashayotgan oilalarni aniqlash, ularga birinchi navbatda yordam ko‘rsatilishi lozimligini, har bir fuqaroning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun shart-sharoitlar yaratish kerakligini ta’kidladi.