Konstitusiya - inson huquq va erkinliklarining kafolati
Konstitusiya - inson huquq va erkinliklarining kafolati
Har bir xalq, millat o‘z istiqloliga erishganidan so‘ng jahonda yangi mustaqil davlat sifatida tashkil topganligi, maqsadi, kelajak istiqbollarini Konstitusiyada belgilab qo‘yadi. Chunki dunyodagi mavjud konstitusiyalarning barchasi ularni ijod etgan xalqning, millatning siyosiy tafakkuri, ma’naviyati va madaniyati bilan uzviy bog‘liqdir. Xuddi shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi ham xalqimiz tabiatiga mos barcha ma’naviy-madaniy qadriyatlarni, xalqimiz donishmandligini, axloqiy fazilatlarini o‘zida mujassam etgan. Asosiy qonunimiz yillar davomida xalqimizning dilidan joy oldi, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini hamda majburiyatlarini o‘zida mujassam etgan dasturul amal sifatida namoyon bo‘ldi. Yillar o‘tgan sayin Konstitusiyamizning mukammalligi, hayotiyligi, uning kelajakning ham talablariga javob bera olishi isbotlanmoqda. Bu esa istiqlolning ilk yillarida Asosiy qonunni yaratish yo‘lida amalga oshirilgan ulkan va mashaqqatli mehnat samarasidir. O‘tgan davr ichida nimaga erishgan bo‘lsak Konstitusiya asosida amalga oshirildi, uning normalariga amal qilgan holda erishdik. Konstitusiyaning 22-moddasida davlat o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilishi va ularga homiylik ko‘rsatishi,
23-moddasida respublika hududida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq himoyalanishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitusimizning
13-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitusiya va qonunlar bilan himoya qilinadi” deb belgilab qo‘yilgan.
Asosiy qonunning 93-moddasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti fuqarolarning huquq va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir” deb belgilab qo‘yilganligining shohidi bo‘lamiz. Bu me’yor mamlakat rahbarining har bir inson haq-huquqlari uchun shaxsan kafil ekanligini ko‘rsatib turibdi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va mustaqillik yillarida qabul qilingan barcha qonunlarimiz, olib borilayotgan islohotlar, avvalo, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga, himoya qilishga yo‘naltirilgan. Shu ulug‘ maqsad yo‘lida davlatimiz umumbashariy insonparvarlik qoidalariga asoslanib, fuqarolarimizning erkinliklari, huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlab kelmoqda. Istiqlol yillarida Yurtboshimizning tashabbusi va bevosita rahbarligida milliy qonunchiligimizda nafaqat inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, balki insonparvarlik tamoyillari ham kuchaytirildi. Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq Inson huquqlari umujahon deklarasiyasi ratifikasiya qilindi va undagi insonparvar mezonlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining asosiy me’yorlariga aylandi. Har bir insonning o‘z haq-huquqlarini bilib olishi uchun yetarli sharoitlar tashkil qilindi. Shuning uchun ham davr o‘tishi bilan biz Konstitusiyamizning ahamiyati va mohiyatini, hayotimizdagi o‘rni va ta’sirini, qadr-qimmatini yanada chuqurroq anglab bormoqdamiz va unga bo‘lgan hurmat-e’tiborimiz tobora ortmoqda. Demokratik jamiyatning eng muhim belgilaridan biri jamiyat a’zolarining qonun oldidagi tengligi, Konstitusiya va qonunlar ustunligining ta’minlanganidir. Mamlakatimizda Konstitusiyaning ustuvoriligini ta’minlash, ya’ni qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar tomonidan chiqarilgan normativ-huquqiy hujjatlarning konstitusiyaviyligini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudiga yuklatilgan.
Konstitusiyaga muvofiq, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi organlarini tiyib turish va muvozanatda ushlab turish uchun O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi o‘zining vakolatlari doirasida quyidagi masalalarni ko‘rib chiqadi: O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitusiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikasiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitusiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi; konstitusiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitusiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi. Konstitusiyaviy sud muayyan ishda qo‘llanilgan qonunning Konstitusiyaga muvofiqligini fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitusiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyatlarni tekshirish haqidagi ishlarni hamda O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
2021 yilning 27 aprelida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonunning qabul qilindi. Uning maqsadi Konstitusiyaviy sud faoliyatining samaradorligi va nufuzini oshirishga, mustaqilligini mustahkamlashga, uni shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirishga qaratildi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi va “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonunda belgilangan vakolatlarni aniq va og‘ishmay amalga oshirish uchun Konstitusiyaviy sud o‘z faoliyati davomida quyidagi asosiy prinsiplarga amal qiladi. Bular, Konstitusiyaning ustunligi, mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsiplaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 83-moddasiga muvofiq, Konstitusiyaviy sud qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lib, bu huquq Konstitusiyaviy sud tomonidan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy sudiga masalalar kiritish huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari - Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari umumiy sonining kamida to‘rtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil egadirlar.
Shuningdek, agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning konstitusiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan hamda sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa, fuqarolar va yuridik shaxslar qonunning Konstitusiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitusiyaviy sudga murojaat etishga haqlidir. Muxtasar qilib aytganda Konstitusiya - taraqqiyot garovi. Demak, qonunlarga qat’iy amal qilsak, davlat va jamiyat oldidagi burchimizni ado etgan, qolaversa mamlakatimizni gullab yashnashiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz
shahar sudining sudya yordamchisi N.Xasanova