Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sunnatillo Muxamadiyevning oktyabr oyi yakuni bo‘yicha hisoboti
Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Sunnatillo Muxamadiyevning oktyabr oyi yakuni bo‘yicha hisoboti
Barchamizga ma’lumki, davlatimiz, xususan iqtisodiyotimiz rivojida tadbirkorlarning o‘rni beqiyos. Shu bois ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, faoliyatlarini rivojlantirish uchun zaruriy shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish, faoliyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida muntazam tarzda bevosita muloqotlar tashkil etilib, soliq qonunchiligiga oid yangilik va o‘zgarishlar to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berib borilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tadbirkorlar ishtirokida 4 marotaba seminar va uchrashuvlar tashkil etilib, sohalar kesimida 3 ta davra suhbatlari o‘tkazildi. Shuningdek tadbirkorlik sub’yektlarining ish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarini hal etish maqsadida Termiz shahar davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan “Soliqchi-ko‘makchi” telegram kanaliga yo‘llangan murojaatlarga ko‘ra jami 178 tadbirkorlarning muammolari hal etildi.
Bundan tashqari yil boshidan bugungi kunga qadar Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning huzuriga borgan holda 1678 ta muammolari o‘rganilib, ushbu muammolarning 1345 tasi soliq organlari xodimlari ko‘magida hal etildi va 978 ta masala yuzasidan tushuntirishlar berildi. Jumladan 1245 nafar tadbirkorlarga dastlabki buxgalteriyasini yuritishda ko‘maklashilib, 5083 nafar tadbirkorlarga “E-imtiyoz”, “E-ijara” hamda “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanish tartiblari tushuntirildi. Moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan 9 nafar tadbirkorlarga umumiy hisobda 103 mln 993 ming so‘mlik soliq qarzini to‘lash muddatini uzaytirishga ruxsat berildi.
Tadbirkorlar bilan doimiy tarzda olib borilayotgan tushuntirish ishlari natijasida 590 ta korxonada mehnat qilayotgan 2178 nafar fuqarolarning faoliyati qonuniylashtirildi.
Agar sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, savdo va umumiy ovqatlanish korxonarlarida 543 nafar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 1482 nafar, qurilish korxonalarida 153 nafar hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi 142 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi va byudjetga 3 mlrd. 1 mln.so‘m qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirildi
2022 yilning oktyabr oyi davomida Termiz shahar soliq to‘lovchilari tomonidan 36 mlrd 431 mln.so‘m miqdorida soliq to‘lanib, belgilangan prognoz rejasi 4 mlrd. 401 mln.so‘m ortig‘i bilan bajarildi. Byudjetga yo‘naltirilgan mablag‘larning asosiy qismi 34 mlrd. 802 mln.so‘m yoki
95,6 foizi yuridik shaxslar va 1 mlrd. 629 mln.so‘mi yoki 4,4 foizi esa jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keldi.
Soliq turlari bo‘yicha tahlil etadigan bo‘lsak, tushumning 25 mlrd. 578,5 mln.so‘mi yoki 70,2 foizini jismoniy shaxslar daromad solig‘i, 1 mlrd. 861,1 mln.so‘mi yoki 5,1 foizini aylanmadan olinadigan solig‘i,
728,6 mln.so‘mi yoki 1,9 yuridik shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i, 1 mlrd. 414 mln.so‘mi yoki 3,8 foizini jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i hamda qolgan 6 mlrd. 849,4 mln.so‘mi yoki 18,8 foizini esa boshqa soliqlar va yig‘imlar tashkil etdi.
Shu o‘rinda davlatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga safarbar etiladigan soliqlarni o‘z vaqtida to‘layotgan har bir yurtdoshimizga o‘z minnatdorchiligimizni bildirib, davlat soliq inspeksiyasi xodimlari har bir soliq to‘lovchi bilan bevosita muloqotga kirishish, muammolariga ijobiy yechim topish va ularning fikr-mulohazalirini tinglashga tayyor ekanligini bildiramiz. Zero, soliq ma’murchiligini takomillashtirishda soliq to‘lovchilarning fikr-mulohazalari va takliflari ham muhim ahamiyat kasb etadi.