Termiz xalqaro savdo markazi – INTERMEX loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Termiz xalqaro savdo markazi – INTERMEX loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Termiz shahrida Termiz xalqaro savdo markazi – INTERMEX loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, Investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Anvar Oripov, qator tashkilot va boshqarmalar rahbarlari, shuningdek, mahalliy va xorijlik tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining o‘rinbosari A.Oripov Termiz xalqaro savdo markazi – INTERMEX loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar, bu yerda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imtiyozlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Termiz xalqaro savdo markazi faoliyatini tashkil etishdan maqsad O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasida tovar va xizmatlarning erkin almashinuvini ta’minlashga qaratilgan qulay shart-sharoitlarni yaratishdan iborat bo‘lib, xalqaro savdo markazi Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida, O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasiga yaqin joyda joylashgan. Loyihaning umumiy maydoni 260 000 kv. metrni tashkil etadi.
Ushbu loyiha doirasida 4000 dan ortiq do‘kon, ishlab chiqarish maydoni, eksport-import operasiyalari bo‘yicha logistika markazi, xalqaro tibbiyot markazi, mehmonxona va yotoqxona, restoranlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari, shuningdek, sun’iy suv havzasi bo‘lgan keng ko‘lamli dam olish maskanlari barpo etilmoqda.
Tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Termiz xalqaro savdo markazi hududida xizmat ko‘rsatish, yoqilg‘i quyish shoxobchalari va boshqa bir qator infratuzilma obektlari tashkil etilgan.
Shuningdek, tadbirkorlar faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida Termiz xalqaro savdo markazi – INTERMEX hududida alohida soliq va bojxona imtiyozlari hamda Afg‘oniston va boshqa qo‘shni davlatlar fuqarolari uchun 10 kun muddatga vizasiz maxsus rejim joriy etilgan.