“HOKIM VA LIDER YOSHLAR” uchrashuvi
“HOKIM VA LIDER YOSHLAR” uchrashuvi
Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu maqsadda Termiz shahrida ham yoshlar bilan doimiy uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilib, ularning qiziqishlari, taklif va murojaatlari tinglanib amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.
Xususan, bugun muhtasham San’at saroyida Termiz shahar hokimi O‘ktam To‘rayev ishtirokida “Hokim va lider yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda shahardagi barcha mahallalardan 150 nafardan ortiq tashabbuskor va faol yoshlar, o‘z bilim va izlanishi orqali eksak hurmatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar, olim va tadbirkorlar, shuningdek mutasaddi rahbarlar ishtirok etishdi.
Dastlab shahar hokimi o‘z so‘zida mamlakatimizda yoshlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotganligi va buning natijasida ko‘plab yoshlarimiz o‘zining iqtidori va iste’dodini namoyon etib katta yutuqlarga erishayotganligi haqida fikrlar bildirdi. Shuningdek, bugungi uchrashuvdan asosiy maqsad lider yoshlar bilan hech qanday to‘siqsiz gaplashish, ular orqali mahalladagi yoshlarning muammolarini hal qilishda ko‘maklashish va ularning qiziqishlarini, orzu-istaklarini amalga oshirishdan iborat ekanligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tdi.
Muloqot davomida ma’ruzachilar tomonidan rahbarlikka erishishdagi hayotiy tajribalar, biznesga kirish va tadbirkorlikni boshlash, maqsadga erishish borasida motivasion fikrlar bildirilib, mavzuga doir videoroliklar namoyish etildi. Uchrashuv davomida yoshlarimizning taklif va mulohazalari, ularni qiziqtirayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha takliflari eshitildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan uchrashuv yosh liderlarga kuch va g‘ayrat, o‘z ishiga shijoat va fidoiylik bag‘ishlashi shubhasiz.