Besh nafar mahkumning jazo oʼtash tartibi yengillashtirildi
Besh nafar mahkumning jazo oʼtash tartibi yengillashtirildi
Jazoni ijro etish muassasasida mehnatga halol munosabatda boʼlib, tuzalish yoʼliga oʼtgan hamda oʼrnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilgan besh nafar mahkumning jazoni oʼtash shartlari yengillashtirildi. Jinoyat ishlari boʼyicha Termiz shahar sudi raisi I.Shaymanovning raisligida jazoni ijro etish muassasasida jazo oʼtab turgan besh nafar mahkumni Jinoyat Kodeksining 113-moddasiga muvofiq yengillashtirilgan saqlash sharoitiga oʼtkazish yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar koʼrib chiqildi.
Mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda odil sudlovga erishish maqsadida keng qamrovli islohotlar jadallik bilan amalga oshirib kelinmoqda.
Sud, ish hujjatlarini atroflicha oʼrganib chiqib, insonparvarlik tamoyiliga tayanib, Oʼzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti 4-mintaqaviy muvofiq-lashtirish markazi 9-son tergov hibsxonasi hisobida turib, mehnatga halol munosabatda boʼlib, oʼrnatilgan tartib qoidalariga rioya qilgan, oʼzining hulqini ijobiy tomonga oʼzgartirgan, jazoni oʼtash davrida intizomiy jazoga tortilmagan, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʼla anglab yetib, bundan oʼzlariga tegishli xulosa chiqarib, tuzalish yoʼliga oʼtgan, sud tomonidan tayinlangan jazoning haqiqatda 4/1 qismini oʼtab chiqqan besh nafar mahkumlar Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 113-moddasiga asosan oʼtalmay qolgan jazo muddatini manzil-koloniyasiga oʼtkazildi.
Sudda raislik qiluvchi tomonidan mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari, jazoni oʼtash davrida oʼrnatilgan tartib-qoidalariga qatʼiy rioya qilishlari lozimligi, jazoni oʼtash tartibini buzganlik uchun saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan qoʼllanilishi mumkin boʼlgan intizomiy chora oqibatlari haqida tushuntirishlar berildi.
Bu bilan sud, sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʼla anglab yetgan va axloqan tuzalish yoʼliga oʼtgan mahkumlarga yana bir imkon berilganligi bilan bir qatorda mahkumlarning jamiyatda oʼz oʼrnini topishda, oila aʼzolari, farzandlari bilan birga, el-yurt taraqiyoti uchun munosib xissa qoʼshishlariga yana bir imkon yaratdi.