Surxondaryo viloyatida 15 oktyabr–Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda
Surxondaryo viloyatida 15 oktyabr–Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda
Ayni paytda Termiz shahridagi San’at saroyining muhtasham amfiteatrida Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan shodiyona davom etmoqda. Unda poytaxtdan kelgan elimizning bir guruh suyukli san’atkorlari qiziqarli konsert dasturlari bilan barchaga bayram kayfiyatini ulashmoqda.
Bayram munosabati bilan Termiz shahridagi “Afro‘z” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Usmon Turapov qishloqlarda yashayotgan munis buvijon va onaxonlarni, dilbar opa-singillarni 15– oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan samimiy tabriklab, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga va har taraflama barkamol avlodni tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgani uchun ularga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qishloq ayollarining ulkan matonati, tog‘day sabr-toqati hamda mehnatsevarligidan ibrat olib yashashning ahamiyatini, dala-dasht va bog‘u-rog‘da, qishloq maktabiyu, shifoxanasida mehnat qilishdan, tadbirkorlik, fermerlik bilan shug‘ullanish va aholiga turli xizmatlar ko‘rsatishdan tashqari farzandlarini Vatanga hurmat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalayotganini alohida e’tirof etdi.
Tantanali tadbirda viloyatda o‘tkazilgan “Eng faol fermer”, “Qishloq hududidagi eng iqtidorli qiz”, “Eng namunali kasanachi ayol”, “Eng namunali paxtakor ayol”, “Eng namunali mahalla xotin-qizlar faoli”, “Qishloq hududlaridagi eng namunali o‘qituvchi”, “Qishloq hududlaridagi eng namunali tibbiyot xodimi” kabi 14 ta nominasiya bo‘yicha tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bir guruh faol xotin-qizlarga viloyat hokimining faxriy yorlik va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbirida vohaning yaqin va olis qishloqlaridan viloyat markaziga kelgan xotin-qizlar bir piyola choy ustida dildan suhbat qurdi, raqsga tushdi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi barchaga bir olam quvonch bag‘ishladi.