QADRING BALAND BO‘LSIN, ONA TILIM

QADRING BALAND BO‘LSIN, ONA TILIM

Surxondaryo viloyatida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanmoqda.

Viloyatning asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi.

Maydonda erta tongdan davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi hamda boshqa oliy, o‘rta maxsus ta’lim va umumta’lim maktabi professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar, o‘quvchilar jamul-jam bo‘ldi.

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!”, degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilgan tantanali marosimda viloyat hokimi o‘rinbosari I.Saparov, Termiz davlat universiteti professori P.Bakirov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari M.Allamurodov, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi talabasi Shikibo Samadiy va boshqa so‘zga chiqib, o‘zbek tilining dunyodagi eng jozibador, eng boy muloqot vositasi ekanini alohida ta’kidladi. Mahmud Qoshg‘ariy qalamiga mansub jahondagi ilk leksikologik lug‘at ham aynan o‘zbek tilida yozilganini faxr bilan qayd etdi. Mamlakatimizda mustaqillikkacha qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning tilimizni asrab-avaylash va nufuzini oshirishdagi ahamiyati hamda keyingi yillarda qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida fikr almashdi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri san’atkorlari ona tilimiz ulug‘langan sahna asarlaridan parchalar namoyish etdi. Hazrati Navoiy, Bobur va boshqa shoirlarning g‘azallari asosida yaratilgan mumtoz qo‘shiqlar kuylandi.