Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz!
“Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz!”
2022 yil 20 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi bilan Surxondaryo viloyat prokuraturasi hamkorlikda Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarining oldini olishga qaratilgan “Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashamiz!” mavzusida ochiq muloqot tarzida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Termiz Davlat universiteti Yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat-ma’rifat ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Bobur Toshqobilov kirish so‘z bilan ochdi.
Tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining raisi Ikrom Shaymanov so‘zga chiqib, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yoshlarni sog‘lom va komil inson qilib o‘stirish, tom ma’noda o‘sib kelayotgan yosh kelajak avlodni haqiqiy yurt farzandlari qilib tarbiyalash maqsadida barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilganini, hozirda barcha jabhada yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratib kelinayotgan bo‘lsada, afsuski, davlatimiz tomonidan shunday sharoitlar yaratib berilgan bo‘lishiga qaramasdan hamda viloyatda olib borilayotgan targ‘ibot tashviqot ishlariga qaramasdan so‘ngi paytlarda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik birmuncha o‘sganligi, ular tomonidan jinoyatlar sodir etilayotganligi barchani birdek tashvishga solayotganligini ta’kidlab, talabalar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan fikrlarini bildirib, jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, ularni sodir etilishiga omil bo‘lgan sabablarni sudda ko‘rilgan jinoyat ishlari misolida tanishtirib o‘tdi.
Shuningdek, davra suhbatida Surxondaryo viloyat prokuraturasining jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i A.Razikov so‘z olib, tadbirda ko‘zlangan asosiy maqsad, talaba-yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohasida mazkur illatga qarshi kurashish ekanligini, shuningdek, mamlakatimizda jadal sur’atlarda olib borilayotgan huquqiy islohotlar sharoitida har bir insonning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining sudyalari Abdixofiz Boybilov, Sherzod Yuldashev ham ishtirok etishdi va ular tomonidan talabalarga nisbatan chiqarilgan sud hukmlari va xususiy ajrimlari tanishtirilib,ularning muhokamasi keng tahlil qilindi.
Talabalarga huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilik va korrupsiya hollariga qarshi barqaror muhit shakllantirish, adolatli ta’lim tamoyillarini joriy qilish masalalari yuzasidan atroflicha tavsiya va maslahatlar berildi.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan mavzu va tegishli muammolar bo‘yicha savollarga soha mutaxassislaridan javob oldilar.
Ikrom SHAYMANOV
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining raisi