SURXONDARYO VILOYATIDA “ZUKKO BOLAJON!” FOTOALBOMINING TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

SURXONDARYO VILOYATIDA “ZUKKO BOLAJON!” FOTOALBOMINING TAQDIMOTI O‘TKAZILDI

Bugun Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 9-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” doirasida yillar davomida shakllangan xalqimizning milliy ta’lim-tarbiya uslublari, o‘zbekona oila modeliga asoslanib farzandlarimizni voyaga yetkazish, bolalar ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida tayyorlangan “Zukko Bolajon!” fotoalbomining taqdimotiga bag‘ishlangan badiiy-musiqali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, ziyolilar, olimlar, shoirlar, Surxondaryo Maktabgacha ta’lim boshqarmasining mas’ullari, hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari mudiralari, muassasa tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.
Dastlab, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Hojimatov bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirib, bugungi kunda ertamiz egalari bo‘lgan farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishi, ma’naviy kamol topishi uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan “Zukko Bolajon!” fotoalbomi va undan joy olgan 20 dan ortiq devoriy lavhalar va bolalar adabiyotining eng sara durdonalari 9-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga hadya etildi.
9-sonli MTM rahbari Nasiba Qo‘shiyeva muassasada 200 nafardan ortiq bolajonlar tarbiyalanayotgani hamda 20 nafardan ortiq xodimlar faoliyat olib borayotganini ta'kidlab, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan taqdim etilgan mazkur fotoalbom ilk bilim va tarbiya maskanlari – maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi bolalarda ijtimoiy motivlarni uyg‘otish, badiiy-estetik didni shakllantirish, intellektni rivojlantirish, kundalik turmushdagi qoidalarini o‘rgatish, yaqinlarga g‘amxo‘rlik qilish, o‘z tuyg‘ularini boshqarish kabi fazilatlarni o‘rgatishga xizmat qiladi deya qo‘shimcha qildi.
Tadbir davomida “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari: O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, falsafa fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilfuza Rahimova, xonandalar Surayyo Qosimova, Dilafruz Hayitmetova, To‘lqin Fayziyev(Surxon guruhi)lar bolajonlarni turli o‘yinlar, kuy-u qo‘shiqlari bilan xushnud qilishdi. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ishtirokidagi sahna ko‘rinishlari barchaga manzur bo‘ldi. Bolajonlar folklor termalaridan kuylab, raqsga tushishdi, turli monolog, g‘azal, ruboiylardan o‘qib berishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida viloyat qo‘g‘irchoq teatri tomonidan bolajonlar uchun ajoyib spektakl qo‘yib berildi. Shuningdek, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a'zolari falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova va "Tarbiya" fani darsligi hamda "Farzandnoma" asarlarining muallifi Obiddin Mahmudov boshchiligida bog‘cha mudiralari uchun "Tarbiyaning ana'anaviy metodlari va bolalar bilan ishlashda notiqlik mahoratini qo‘llash yo‘llari" mavzusi bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.
Ma'lumot uchun bugunga qadar mazkur loyiha asosida 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasida fotoalbom asosidagi devoriy lavhalar bilan bezatilib, “Ma’naviyat burchaklari” tashkil etildi. Joriy yil yakuniga qadar yana 10 ta muassasada shu kabi tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.