Janubda osoyishtaligimiz posbonlariga yangi binolar topshirildi

Janubda osoyishtaligimiz posbonlariga yangi binolar topshirildi


Surxondaryo viloyatida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida mustaqilligimizning 31 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari va zamonaviy yangi inshootlarni foydalanishga topshirish marosimlari davom etmoqda.


Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz ko‘tarinki ruxda nishonlanayotgan shu kunlarda Surxondaryo viloyati IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari ham barcha sharoitlarga ega yangi binoda ish boshladi.
Ikki qavatli muhtasham binoni foydalanishga topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi IIV Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, mayor Nodir Odilov, Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abduvohid Ismoilov,viloyat IIB faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Akram Sharofutdinov va boshqalar mustaqilllik yillari ichki ishlar organlarida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar yurtimiz obodligi, elimizning tinch, farovon hayoti uchun xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, keyingi yillarda osayishtaligimiz posbonlarining sifatli, tezkor xizmat olib borishi uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida fikr yuritdi.
Prezidentimizning 2019 yil 6 martdagi “Transport va turizm ob’yektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida viloyat IIB tarkibida tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi vohaga dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan sayyohlar xavfsizligini to‘laqonli ta’minlashga xizmat qilmoqda. Boshqarmada xizmat qilish uchun xorijiy tillarni mukammal biladigan, hududning boy tarixi va urf-odatlari haqida yetarli bilimga ega xodimlar saralab olingani, tezkor, sifatli xizmat olib borish uchun 4 ta yengil avtomashina, 5 ta motosikl, 1 ta avtobus, 5 ta skuter, 6 ta sigvey kabi zamonaviy transport vositalari biriktirilgani viloyatda xavfsiz turizmni ishonchli ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining Termiz shahridagi Yulduz mahallasi hududida qad rostgan yangi binosida ham barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. 7 milliard 562 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan binoda situasion markaz tashkil etilgan bo‘lib, uturistlarning viloyat hududiga kirib kelishi bilanoq qaysi mehmonxonaga joylashib, “Ye-mehmon” bazasidan ro‘yxatdan o‘tishi, qaysi yo‘nalishlarda sayyohga chiqishi va qaytib ketishini doimiy nazorat qilib turadi. Shuningdek, sitiuasion markazi navbatchisi kechayu-kunduz sayyohlardan kelib tushadigan murojaatlarni o‘z vaqtida qabul qilib, tegishli yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tantanali marosim ishtirokchilari binoda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Shu kuni Termiz shahrida viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmasi bo‘linmalari muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitasiya qilish markazi yangi binosini ham tantanali foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bino muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni qabul qilish va saqlashg uchun xizmat qiladi. Zamonaviy usulda jihozlangan yangi bino bir yo‘la 75 nafar shaxsni saqlashga mo‘ljallangan.
Yangi binolarni foydalanishga topshirish marosimlarida Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov ishtirok etdi.