RASMIY MUNOSABAT

RASMIY MUNOSABAT

“Surxondaryo” telekanalining 4-iyuldagi “Maxsus reportaj” ko‘rsatuvidagi videolavhada Termiz shahri “Amu sohili” mahallasi Porloq yo‘l ko‘chasida chiqindi uyumlari o‘z vaqtida olib ketilmasligi, “Gulshan” ko‘chasida toza ichimlik suvi yo‘qligi, “Termiz daryo porti” MCHJ hududidan samarali foydalanilmayotgani, “Pattakesar” va “Nurli kelajak” mahallasidagi mini futbol o‘yingohi qarovsiz ahvoldaligi, “Eski shahar” mahallasi Ch.Safarov ko‘chasida ham chiqindi uyumlari o‘z vaqtida olib ketilmasligi natijasida atrofga badbo‘y hid chiqarayotgani, 10-sonli maktabda elektr-energiya haqi o‘z vaqtida to‘lanmasligi natijasida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishda qiyinchiliklarga duch kelinayotgani tanqid ostiga olingan.

Termiz shahar hokimligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.

Termiz shahri “Amu sohili” mahallasi, Porloq yo‘l hamda “Eski shahar” mahallasi Istiqlol (Ch.Safarov) ko‘chalarida chiqindi uyumlari o‘z vaqtida olib ketish bo‘yicha “Bio Texno Eko” MCHJga qonunchilikda belgilangan tartibda topshiriqlar berildi, “Bio Texno Eko” MCHJ tomonidan “Signal” tizimi asosida ishlar tashkillashtirilib, chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmoqda. “Amu sohili” mahallasi, “Gulshan” ko‘chasidagi aholi xonadonlari “Surxondaryo Suvta’minot” MCHJ Termiz shahar bo‘limi tomonidan toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. “Termiz daryo porti” MCHJ hududidan samarali foydalanishlari uchun mas’ullarga mtegishli topshiqlar berildi. “Pattakesar” va “Nurli kelajak” mahallasidagi mini futbol stadioni uchun 2018 yil “Obod mahalla” dasturi doirasida yer maydoni ajratib berilgan. Haqiqatdan ham bugungi kunga kelib qarovsiz ahvolga kelib qolgan, stadion ichida sun’iy chim yotqizilishi lozim bo‘lsada, biroq o‘rnida yantoqlar o‘sib ketgan. Mazkur holat yuzasidan tashabbuskor tadbirkor chaqirtirilib suxbatlashilganda, hozirda tijorat bankidan kredit ololmayotganligi, kredit masalasi yechilgandan so‘ng o‘yingohni to‘liq bitkazib, foydalanishga topshirishini bildirdi, shuningdek ushbu qarovsiz yotgan mini stadion egasini 2023 yilgacha ishga tushirmasa, shaharsozlik norma qoidalarini buzganligi uchun, ya’ni yerdan noto‘g‘ri foydalanganligi sababli “E-auksion” elektron savdo platformasida qayta qo‘yilib, sotuvga chiqarilishi bo‘yicha ogoxlantirish berildi. Shuningdek, 10-sonli maktabda elektr-energiyasi bilan bog‘liq holatlar bartaraf etilib, hozirda uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanganligi ma’lum qilinadi.