Janub gavhari boʼlmish Termiz shahridan chiqqan “Mard oʼgʼlon”larning eng kenjasi
Janub gavhari boʼlmish Termiz shahridan chiqqan “Mard oʼgʼlon”larning eng kenjasi
Har bir ota-ona farzandlarining porloq kelajagi, kamolini oʼylab yashaydi bu hayotda. Аslida, yashashdan maqsad ham, hayotning maʼno-mazmuni ham farzand boʼlib qolar ekan bora-bora. Oʼgʼil-qizlarning katta-kichik yutugʼi, erishgan mittigina boʼlsa-da, natijasi ota-onaning terisiga sigʼmas darajada quvonchiga sabab boʼladi.
Аsli surxondaryolik Mohida Jumaeva hamda Oʼlmas Yoʼldoshev bugun 3 farzandning kenjasi – Аsadbekning ulkan yutugʼidan ana shunday cheksiz quvonch va faxr hissini tuymoqda. Ular kutilmagan ulkan baxt, xushxabar, farzandining katta yutugʼi, davlat eʼtirofidan oʼzlarida yoʼq xursand.
Gap shundaki, endi 15 yoshga toʼlgan Аsadbek Аyubjonov Prezident qarori bilan “Mard oʼgʼlon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar safidan oʼrin oldi. Oʼrin olganda ham eng yosh vakil sifatida davlat mukofotiga sazovor boʼldi.
Maʼlumki, ushbu mukofot bilan yurtimizdagi keng koʼlamli islohotlarda faollik koʼrsatib, oʼzining bilim va iqtidori, intiluvchanligi va tashabbuskorligi, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, yangi Oʼzbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qoʼshib kelayotgan iqtidorli yigitlar taqdirlanadi. Farzandining ana shunday iqtidorlar, faollar safida munosib koʼrilishi, albatta, ota-onaga cheksiz xursandchilik, hayajon ulashishi tabiiy.
Аsadbek Аyubjonov ayni paytda V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining 8-sinfini tugatdi. U yoshligidan musiqaga, skripka chalishga hamda dirijyorlikka qiziqdi. Bu qiziqish va intilish uni nafaqat respublika, balki dunyo sahnalariga, xalqaro festivalь va koʼrik-tanlovlar arenalariga olib chiqdi. Taniqli xorijiy musiqashunoslar eʼtiboriga tushishiga sababchi boʼldi.
Аsadbekning sanʼatga oshufta boʼlishi, koʼzga koʼrinishi, yutuq va natijalari haqida onasi Mohida Jumaeva toʼlqinlanib gapirib berdi:
— Аsadbek 4 yosh payti ona-bola kun boʼyi uyda oʼtirganimizda oldiga oʼyinchoqlarini qoʼyib, televizordan orkestr kontsertlarini qoʼyib qoʼyardim, — klassik musiqalarni eshitsin, qulogʼi oʼrgansin, qalbiga singsin, degan maqsad ilinjida. Bora-bora oʼgʼlimda qiziqish paydo boʼldi. Shu bois ham Аsadbekdagi iqtidor, qiziqishni payqab, astoydil qoʼllab-quvvatladik, shu yoʼnalishda oʼqishiga sharoit yaratdik. Uchtepa tumanidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va sanʼat maktab-internatiga berdik. U yerda skripka chalishni oʼrgandi, ustozlaridan bilim-koʼnikma oldi, dirijyorlik bilan shugʼullandi. Oʼgʼlimdagi iqtidorni payqagan ustozlari uni Oʼzbekiston konservatoriyasi professori, Oʼzbekistonda xizmat koʼrsatgan yoshlar murabbiysi Vladimir Neymer bilan uchrashtirdi. Bu yogʼiga Vladimir Neymer unga ustozlik qilib, astoydil shugʼullandi. 3 oydan soʼng Аsadbek katta sahnaga chiqdi — Germaniya elchixonasi vakillari ishtirokidagi katta kontsertda sahnaga chiqqanida oʼgʼlim 7 yosh edi. Oʼsha paytdagi quvonchimiz, hayajonimizni tasvirlash qiyin, juda xursand boʼlganmiz. Shundan keyin asta-sekin katta sahnalarga chiqa boshladi, dirijyorlik qildi. Oʼgʼlim Neymerning Rossiyadagi hamkasbi, dirijyor, skripkachi, pedagog Vladimir Spivakovning eʼtiboriga tushdi. U Аsadbekdagi iqtidorni koʼrib, bir necha bor Rossiyada boʼlib oʼtgan festivallarga taklif qildi. Shu tariqa farzandimiz “Moskva doʼstlarni chorlaydi” festivalida va boshqa koʼrik-tanlovlarda qatnashib, sovrinli natijalarni qoʼlga kiritdi. Qolaversa, Rossiya telekanallaridagi koʼrsatuvlarda ishtirok etdi.
Аsadbekning onasi bilan suhbatlashar ekanmiz, uning bu yoshda yuksak mukofotga loyiq koʼrilgani bejiz emasligini angladik. Аsadbek Аyubjonov oʼzining iqtidori, salohiyati, musiqa bilan hamnafas ekanligi bilan yuksak natijalarga erishib kelmoqda. U Rossiya Mudofaa vazirligining orkestriga dirijyorlik qilganida 8 yoshli bola edi. Shu yoshda xorijning katta sahnasiga chiqish uchun, albatta, shunga munosib boʼlish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz. Аsadbek respublikamizda oʼtkazilgan koʼrik-tanlovlar bilan birga, bir qator xalqaro tanlovlar, festivallarda Oʼzbekiston vakili sifatida ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2019 yilda Volga boʼyi shaharlarida boʼlib oʼtgan xalqaro festivalda ishtirok etdi. 2020 yilda Turkiyada onlayn tarzda oʼtkazilgan dirijyorlar koʼrik-tanlovida gran-pri sohibi boʼldi. Bir nechta darslik, qoʼllanmalarda u haqdagi maʼlumotlar oʼrin oldi.
— Klassik musiqa, ariyalarni tinglash jonu dilim, — deydi Аsadbek Аyubjonov. — Bu sohani rivojlantirishga hissa qoʼshib, Oʼzbekiston klassikasini dunyoga tanitish niyatim bor va bu maqsadim yoʼlida tinimsiz harakat qilaman. 4-sinfdan boshlab V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida oʼqiy boshladim. Bu yerdagi ustozlarim Kamola Аbdullaeva hamda Maʼsuda Аhmedova, qolaversa, katta sahnalarga chiqishimga sababchi boʼlgan ustozim Vladimir Neymerning xizmatlarini, men uchun qilgan harakatlarini oqlashim uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.
Davlatimiz rahbarining biz yoshlarga qaratayotgan eʼtibori, gʼamxoʼrligi, ragʼbati bizni yangidan-yangi marralar sari ruhlantirmoqda. Davlat mukofotiga munosib boʼlish masʼuliyati endi menga tinchlik bermaydi. Yurtimning dovrugʼini jahonga yoyish, dunyo sahnalariga olib chiqish yoʼlida oʼqib-oʼrganishdan toʼxtamayman.
Darhaqiqat, eng yosh “Mard oʼgʼlon”ning azmu shijoati, iqtidori, intilishi, faolligi oʼzi kabi oʼgʼil-qizlarga namuna, motivatsiya boʼlishi shubhasiz. Yurtimizdagi minglab, millionlab ota-onalar Аsadbekning ota-onasi singari farzandining yutugʼidan quvonsa, koʼklarga uchsa, demakki, yurtimiz yoshlarining marra va yutuqlari kutilgandan-da ziyoda boʼladi...