RАSMIY MUNOSАBАT
RАSMIY MUNOSАBАT
Joriy yilning 24 iyul kuni ijtimoiy tarmoq orqali “Termizlik norozi nogironlar Prezidentga dardini aytishdi” nomli videomurojaat o‘rganildi.
Termiz shahar hokimligi ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Termiz shahar “Manguzar” mahallasidagi ko‘p qavatli 34 uyda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan oila vakillari murojaatida uy-joy kredit qarzdorligini to‘lab berilishida hamda uyning yerto‘la qismidagi kanalizasiya tarmog‘i va tom qismlaridagi ayrim kamchiliklarni bartaraf etishni so‘ragan.
Aniqlanishicha, Termiz shahar “Manguzar” mahallasidagi 34 uyda jami 24 ta xonadon joylashgan bo‘lib, shundan 9 ta xonadonda nogironligi bo‘lgan oilalar istiqomat qiladi. Mazkur oilalarga 2019 yilda topshirilgan imtiyozli uy-joylarning boshlang‘ich to‘lovlari mahalliy hokimlik hisobidan to‘liq to‘lab berilgan. Shuningdek, bank bilan fuqarolar o‘rtasida 3 tomonlama tuzilgan shartnomaga asosan har oy chiqadigan kredit to‘lovlarini uy-joy egalarining o‘zlari to‘lab borishi shartnomada belgilangan. O‘rganish jarayonida mazkur videomurojaatdagi ayrim oilalarning uy-joylaridan kredit to‘lovlaridan qarzdorligi mavjudligi aniqlandi.
Barchaga ma’lumki, yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan oilalarga amaliy yordamlar ko‘rsatilib, ularga munosib sharoitlar yaratib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ishlarni davom ettirish maqsadida yuqoridagi nogironligi bo‘lgan oilalarning kredit to‘lovidagi qarzdorligini to‘lab berish uchun mahalliy hokimlik tomonidan moliyalashtirish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu mahalladagi ko‘p qavatli uylarga kommunal xizmat ko‘rsatish “Surxon Sohili Kommunal” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi mas’ul bo‘lib, ayni vaqtda kompaniya xodimlari tomonidan 34-uyning yerto‘la va tom qismidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlanganligini hamda ushbu muammolar to‘liq bartaraf etilishini ma’lum qilamiz.