BOLALARGA BERING DUNYONI

BOLALARGA BERING DUNYONI

Bolalik—hayot ummonining musaffo zarchashmasidir. Boisi, u har bir murg‘ak qalb uchun tashvishlardan yiroq, ezgulikka to‘la lahzalardir. Go‘daklarning bahor tongi misol beg‘ubor qalbi faqat yaxshiliklarga yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Shu sabab 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun teng beg‘ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Bu kunni aynan 1-iyun sanasida nishonlash taklifi “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” 1925-yilda Jenevada bolalar farovonligi boʻyicha butunjahon konferensiyasida eʼlon qilingan. Shundan buyon, jahonning koʻplab mamlakatlarida 1-iyun kuni nishonlanadi.

Ammo “Bolalar kuni” 1857-yil iyun oyining ikkinchi yakshanbasida AQSHning Massachusets shtati, Chelsi shahridagi Universalist cherkovi pastori, doktor Charlz Leonard tomonidan boshlab berilgan boʻlib, bu kun “atirgul kuni” deb ataladi. Lekin keyinchalik esa “bolalar” kuni deb nomlana boshlangan. Mazkur sana butun dunyoda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlanib kelinadi.

 

Yurtimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu esa har bir yosh, har bir bola davlat himoyasida ekanligi, ularning har bir muammosi, har bir yutug‘i davlat tomonidan nazoratda ekanligini anglatadi. Qolaversa,o’tgan yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilganligi ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilayotganligini bildiradi. Xullas, bolalarning ijtimoiy himoyasi, ularning sog‘ligi va ta’lim tarbiyasi doimiy e’tiborda. Bunday g‘amxo‘rlikdan hech bir bola chetda qolmaydi.

Zero, har bir bola himoyada ekanligini his qilishi barchamiz uchun juda muhim. Bu ularning kelajakda komil inson bo‘lib ulg‘ayishi, Vataniga sadoqatli farzandlar bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutadi. 

Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir.

Aslida o‘sib kelayotgan yosh avlodni himoya qilish zamirida hayotni, uning davomiyligini asrab-avaylash mohiyati yotadi. Ular to‘g‘risidagi har qanday g‘amxo‘rlik esa yurt ravnaqi uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevor demakdir. Donishmandlardan biri “Millatning kelajagini bolalariga qarab anglash mumkin”, degan edi. Bugun ertamiz egalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor kelajakda ularning Vataniga sadoqatli, jismonan va ma’nan barkamol bo‘lib etishishida muhim omil hisoblanadi.

Shu munosabati bilan Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi “Lider Nur” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasida 1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Bolalarga bering dunyoni” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir oʼtkazildi.

Tadbirda Termiz shahar hokimligi, janubiy operativ qoʼmondonligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyat mintaqaviy boʼlinmasi va aʼzolari, Oʼzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, shahar maʼnaviyat va maʼrifat boʼlimi va afgʼon urushi qatnashchilari, OAV vakillari hamda boģcha tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Tadbirda bolajonlar tomonidan qiziqarli sahna ko‘rinishlari, kuy va qo‘shiqlar ijro etildi.

"Bolaning ko‘nglini ko‘tarish insonning o‘ziga ham quvonch bag‘ishlaydi. Bunga bugungi tadbirda ham yana bir karra amin bo‘ldik. Albatta bolalar bizning faxrimiz va kelajagimizdir"– deydi Al-Jomiy MFYning kotibi Shokirxoji Xodjayev.

“Farzandlar – hayotimiz mazmunining ajralmas qismidir, – deydi besh yildan buyon bog’cha tarbiyachisi lavozimida faoliyat yuritayotgan Oygul Azizova. – Bolalar o‘z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadi. Bugungi tadbir bizni mamnun yetdi. Sovg‘aning katta-kichigi bo‘lmaydi, hammasi mehr va e’tiborda. Bolalarning xursandligini aytmaysizmi?! Ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib ikki marta quvonaman. Yurtimizdagi tinchlik, mehr-oqibatli insonlarning ko‘pligi uchun shukronalar aytaman". 

UzJOKU 1-bosqich talabasi Toshtemirova Lola