“Boysun bahori” festivalida do‘stlik va milliy qadriyatlar tarannum etiladi.
“Boysun bahori” festivalida do‘stlik va milliy qadriyatlar tarannum etiladi.
Termiz shahridagi Matbuot uyida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyat axborot va ommaviy kommunikasiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev boshqargan anjumanda jurnalistlar, tuman, shahar hokimliklari axborot xizmati boshliqlari, turizm va madaniy meros, sport bosh boshqarmalari, madaniyat boshqarmasi mutasaddilari, blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, tashkiliy qo‘mita a’zosi J.To‘rayev, viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Z.Alimardonova, viloyat hokimligining axborot xizmati rahbari M.Davlatov, viloyat qo‘g‘irchoq teatri bosh rejissyori, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ijodiy guruhi a’zosi T. Yo‘ldoshevlar shu yilning 7-8 may kunlari Boysun tumanida o‘tkaziladigan xalqaro festivalga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, o‘tgan yillardagi ochiq folklor festivallardan farqi, ishtirokchilar hamda jurnalistlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq tashkil etilayotgan festivalni yuksak saviyada o‘tkazish uchun alohida hozirlik ko‘rilmoqda. Tabiatning betakror go‘zalligiga burkangan Padang kengliklarida vohadagi o‘ttizga yaqin yirik korxona, tashkilot, shuningdek, tumanlar va Termiz shahri hududlarning milliy qadriyat hamda urf-odatlari namoyon etiladigan qo‘rg‘onlar barpo etib, qadimiy o‘tov uylar qurilmoqda.
– Shu yilgacha bu tadbir har yili ochiq folklor festival sifatida o‘tkazilib, unda mamlakatimizdagi folklor jamoalari alohida dasturlari bilan ishtirok etib kelayotgan edi, – deydi viloyat qo‘g‘irchoq teatri bosh rejissyori, “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ijodiy guruhi a’zosi T.Yo‘ldoshev. – Endi unga xalqaro maqom berilib, har yili emas, ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shunga muvofiq nizomi ishlab chiqildi. Ko‘rik-tanlovda qatnashadigan ijodiy jamoalar tarkibi tasdiqlandi. Ko‘rik-tanlovning xalqaro hakamlar hay’ati ishtirokida jonli ijroda o‘tkazilishi belgilandi. Ijodiy guruh hozirgacha mamlakatimizdagi 15 ta folklor jamoa dasturini tanlab oldi. Ular orasidan festivalning tantanali ochilish marosimida ishtirok etadigan ijodiy jamoalar saralanadi.
Mutasaddilarning aytishicha, festival oldidan nomoddiy madaniy meros mavzuiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkaziladi. Xo‘jamayxona buloq suvi bo‘ylab so‘lim darada velomarafon uyushtiriladi. Xalqaro festival doirasida nafaqat, nafis folklor san’atimiz, balki boy madaniyatimiz, etnografiya va qadimiy sport o‘yinlarimiz ham keng namoyish etiladi. Xotin-qizlar uchun o‘ndan ortiq tadbir uyushtirilib, ayollar baxshichiligi, chanqovuz chalish, jamalak o‘rish, qirqkokil, milliy ipaklar, qadimiy milliy kiyim-kechaklar ko‘rgazmasi singari nafis madaniy meroslarimiz namoyish qilinadi. Milliy hunarmandchilik buyumlari namoyishi va savdosi tashkil etiladi. “Elimiz taomlari” nomli ko‘rgazmadan shifobaxsh tog‘ giyohlaridan tayyorlanadigan hamda surxoncha tandir kabob, yupqa, g‘ilmindi kabi turli taomlar joy oladi. O‘nga yaqin turdagi etnosport musobaqasi, ot ustida kurash va ot ustida merganlik bellashuvlari, dor va sirk o‘yinlari o‘tkaziladi.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi muqaddas ziyoratgohlar, tibbiyot, agro, etno va boshqa turistik obyektlarga qiziqarli sayohatlar uyushtirishni rejalashtirgan. Festivalga uzoq-yaqindan kelgan shinavandalar havo sharlari va aeroplanlarda Boysunning maftunkor tabiatga ega go‘zal tog‘ manzaralarini miriqib tomosha qilishi uchun ham zarur qulayliklar yaratish choralari ko‘rilmoqda.
Go‘zal tabiat qo‘ynida dunyo xalqlarining folklor san’ati, milliy va umumbashariy qadriyatlar tarannum etiladigan xalqaro festivalga jahonning 30 dan ortiq davlatidan nomoddiy madaniy meros shinavandalari va mutaxassislari qatnashishi kutilmoqda. Xalqaro ko‘rik- tanlovda AQSH, Italiya, Rossiya, Tojikiston kabi o‘nga yaqin mamlakatning eng iste’dodli folklor jamoalari ham ishtirok etib, o‘z san’atini namoyish etish istagini bildirgan.
Matbuot anjumanida xalqaro festivalga keladigan mehmonlar va muxlislarni kutib olish, joylashtirish, xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha ham atroflicha fikr almashildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Festivalni yanada yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
UzJOKU 1-bosqich talabasi Toshtemirova Lola