ISLOHOTLAR AMALDA
ISLOHOTLAR AMALDA
Xabaringiz bor, Yoshlar ishlari agentligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan “Mahallada Yoshlar ishlari agentligi vakili” nomzodligiga ochiq tanlov e’lon qilingan edi.
Bugun Termiz shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev va sektor rahbarlari ushbu ochiq tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar va faol yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, yosh avlod bilan manzilli ishlash uchun har bir mahallada yangidan joriy qilinadigan Yoshlar ishlari agentligi vakili lavozimining asosiy vazifalari hamda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar xususida batafsil to‘xtalib, ishtirokchilarga keng tushunchalar berildi.
Sektor rahbarlari tomonidan tanlovda ishtirok etish va hujjat topshirish tartiblari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, ularni suhbatdan o‘tkazish va baholash mezonlari to‘g‘risida yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berilib, ushbu lavozimga nomzodlar mahalla ishlarida faol, yoshlarni o‘z ortidan ergashtira oladigan, yoshlar muammolarini hal etish va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga ko‘maklashish tajribasiga hamda tabiiy yetakchilik va tashabbuskorlik qobiliyatiga ega, sadoqatli va vatanparvar yoshlar orasidan tanlab olinishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda ushbu ochiq tanlovga munosib nomzodlarni tavsiya etish va ularning hujjatlarini topshirishlariga ko‘maklashish hamda ochiq tanlov to‘g‘risida keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga aniq vazifalar belgilab berildi.