Surxondaryoda 865 ta saylov uchastkasi tuzildi

Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova boshqarib borgan majlisda saylov uchastkalarining joylashuvi yuzasidan shahar va tumanlar hokimliklarining taqdimnomalari ko‘rib chiqilib, viloyatda 865 ta saylov uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Saylov uchastkalarining tartib raqamlari, chegaralari, manzillari ko‘rsatilgan ro‘yxati ham tasdiqlandi.

Ta’kidlanganidek, saylov uchastkalari uchun aholi vakillariga qulay bo‘lgan binolar tanlab olingan bo‘lib, ularning 696 tasi umumta’lim maktablarida, 61 tasi kasb-hunar kollejlari, litsey va texnikumlarda, 27 tasi madaniyat va sport inshootlarida, 17 tasi harbiy qismlarda, 16 tasi tibbiyot va dam olish maskanlari, sanatoriylarda, 8 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 39 tasi boshqa binolarda joylashgan.

ā¯•Eslatib o‘tamiz, Saylov kodeksida uchastkalar saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va ko‘pi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuzilishi belgilab qo‘yilgan.