Surxondaryoda saylov komissiyalari tuzildi

Viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Zebuniso Alimardonova boshqarib borgan majlisda Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari tomonidan tavsiya etilgan okrug saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va komissiyaning olti - sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat nomzodlarning tarkibi tahlil etildi.

Unga ko‘ra, shahar va tumanlar bo‘yicha 478 nafar a’zoning 383 nafari avvalgi saylovlarda qatnashgan bo‘lsa, 95 nafar nafari birinchi marotaba ishtirok etmoqda. Nomzodlarning 247 nafari xalq ta’limi, 17 nafari oliy ta’lim tizimi, 100 nafari boshqa davlat idoralari va muassasalari, 51 nafari o‘zini o‘zi boshqarish organlari, 29 nafari jamoat tashkilotlari va 21 nafari boshqa nodavlat faoliyat sohasi vakillari, 13 nafari nodavlat-notijorat tashkilotlar xodimlaridan iborat. Ularning 190 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.

Komissiya a’zoligiga nomzodlarning 389 nafari oliy, 86 nafari o‘rta-maxsus, 3 nafari o‘rta ma’lumotli bo‘lib, pedagoglar 258, iqtisodchilar 59, muhandislar 42, shifokorlar 33, huquqshunoslar 7, jurnalistlar 3 va boshqa kasb egalari 76 nafarni tashkil etadi.

Videokonfirensaloqa shaklida o‘tkazilgan majlis yakunida Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 50 ta okrug saylov komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, komissiyalar a’zolari tarkibi tasdiqlandi.