Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik – Termizda yoshlar sayli o‘tkazildi

Surxondaryo viloyatida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shoiri ostida o‘tkazilgan Yoshlar sayli minglab o‘g‘il-qizlarni ayni ezgu maqsad sari birlashtirdi.

Bugun Termiz shahrida boshlangan tadbirlarning gala-konsert dasturida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, yoshlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. Har jabhada ilg‘or, o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlar hamda ular tahsil olayotgan ta’lim muassasalariga pul mukofotlari hamda sport anjomlari sertifikatlari tantanali topshirildi.

Xususan, Surxondayo viloyati hokimi stipendiyasi uchun 1 mlrd so‘mlik, ommaviy sport tadbirlarini rivojlantirish uchun 1 mlrd so‘mlik, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari uchun 68 mln so‘mlik va Besh tashabbus olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash uchun 230 mln so‘mlik pul mukofotlari sertifikatlari shular jumlasidan.

Gala-konsert dasturida estradamiz yorqin yulduzlari, Shohruhxon, Hamdam Sobirov, Shohruh, “Bojalar” guruhi hamda boshqa san’atkorlar, shuningdek, taniqli boshlovchilarning chiqishlari yoshlar saylini haqiqiy bayram shoulariga aylantirdi.

Yoshlar sayli doirasida kun davomida “Kibersport” va shaxmat “Rakirovka” musobaqalari, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Hech bir yosh e’tibordan chetda qolmaydi” xayriya aksiyasi hamda yugurish marafoni kabi turli loyihalar ham o‘tkazildi.